Yangiliklar
  • 09.08.2018

Toshkent shahridagi Yodju Texnika institutida abituriyentlar uchun qabul davom etmoqda. Institut haqida nimalar bilamiz?

2018-yil 24-iyul kuni Koreya Respublikasining investorlari bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi Yodju Texnika instituti tashkil etildi.

Joriy yilning iyulida  esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining litsenziyalash komissiyasi tomonidan Toshkent shahridagi Yodju texnika institutiga ayni paytda respublikamiz uchun dolzarb bo‘lgan arxitektura va shaharsozlik, qurilish, muqobil energiya, biznesni boshqarish va turizm yo‘nalishlari bo‘yicha uzluksiz ta’limning oliy ta’lim turi (bakalavriat) uchun litsenziya taqdim etildi.

Xabaringiz bor, saytimiz orqali mazkur institutga qabul boshlangani haqida xabar bergan edik. Ushbu xabar berilganidan so‘ng abituriyentlar tomonidan ijtimoy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarimiz hamda saytimizdagi “Aloqa” sahifasi orqali ko‘plab murojaatlar oldik. Qilingan murojaatlarning aksariyatida institut bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar so‘ralgan. Shularni inobatga olgan holda,  ILM.UZ  institut vakillari bilan bog‘lanib atroflicha ma’lumot to‘pladi. Quyida abituriyentlar uchun  mazkur instut bilan bog‘liq barcha zarur ma’lumotlar to‘plandi.

Ta’lim yo‘nalishlari va hujjatlarni yuborish muddati

Toshkent shahridagi Yodju Texnika instituti 2018/2019 o‘quv yili uchun abituriyentlardan hujjatlarni 1−31 avgust(31-avgust 18:00ga qadar) kunlari quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha qabul qiladi:

  • arxitektura va shaharsozlik;
  • fuqarolik qurilishi;
  • muqobil energiya;
  • biznesni boshqarish;
  • turizm.

Qabul shartlariga ko‘ra, yurtimizda yoki chet elda maktab, litsey yoki kollejni muvaffaqiyatli bitirgan yoshlar o‘qish istagini bildirishlari mumkin. 

Kirish imtihonlari test shaklida quyidagi fanlar bo‘yicha topshiriladi:

“Muqobil energiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi - fizika va ingliz tili;

“Arxitektura va shaharsozlik”, “Qurilish”, “Biznesni boshqarish” va “Turizm” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari - matematika va ingliz tili;

Abituriyent hujjat topshirgan tiliga  muvofiq o‘zbek, rus, ingliz tillaridan birida imtihon topshirishlari mumkin.

Imtihon savollari Janubiy Koreya va O‘zbekistonning umumiy o‘rta ta’lim standartlari asosida tuzilgan. Har bir fan bo‘yicha 20 tadan test savollari beriladi. Har bir fan uchun 1 soat vaqt belgilangan.

Yodda tuting! IELTS: kamida 5.0 ball yoki TOEFL IBT: kamida 50 ballga ega bo‘lgan abituriyentlar ingliz tilidan test topshirmaydi.

Hujjatlarni topshirish uchun IELTS sertifikati MAJBURIY EMAS!

Hujjatlarni topshirish

Toshkent shahridagi YoDJU texnika institutiga hujjat topshirish jarayoni quyidagi bosqichlardan iborat:

1. TYoTI veb-sahifasi orqali on-layn ro‘yxatdan o‘tish;

2. Quyidagi hujjatlarni skanerdan o‘tkazib, PNG yoki JPEG shaklida taqdim etish:

  • IELTS yoki TOEFL sertifikati (talablar yuqorida keltirilgan);
  • Pasport nusxasi yoki yashash huquqini belgilovchi hujjat;
  • Diplom maktab/litsey/kollejni tamomlaganligi haqidagi hujjat.
  • Rasm - 3.5x4.5sm (rasmga tushgan muddati 3 oydan oshmagan bo‘lishi lozim);
  • 086-formasidagi tibbiy ma’lumotnoma.

3. Elektron pochta va faks orqali yuborilgan hujjatlar qabul qilinmaydi. Barcha hujjatlar 31-avgust kuni soat 18:00 ga qadar admission.ytit.uz sayti orqali topshirilishi shart.

Abituriyentlar o‘z hujjatlarini qabul komissiyasiga kelib taqdim qilib toshirish yoki onlayn tarzda admission.ytit.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tib barcha so‘ralgan ma’lumotlarni yo‘riqnomada keltirilgan talab bo‘yicha jo‘natishlari mumkin. Mazkur saytda hujjatlarni qay tarzda yuborish bo‘yicha maxsus yo‘riqnoma mavjud.

Yo‘riqnomani yuklab olish.

Toshkent shahridagi Yodju Texnika institutiga bir yillik o‘qish narxi 

Arxitektura va shaharsozlik yo‘nalishi uchun: 16 mln. so‘m

Qurilish yo‘nalishi uchun: 16 mln. so‘m

Muqobil energiya yo‘nalishi uchun: 20 mln. so‘m

Biznesni boshqarish yo‘nalishi uchun: 24 mln. so‘m

Turizm yo‘nalishi uchun: 20 mln. so‘m

Eslatib o‘tamiz, hujjat topshirgan abituriyentlari uchun dastlabki yig‘in 5-6 sentabr kunlari 9:00dan 17:00ga qadar bo‘lib o‘tadi.

Qayd etish joiz, oliygohning ILM.UZ’ga bergan ma’lumotiga ko‘ra qabul kvotalari Janubiy Koreyagi hamkorlar tomonidan kirish test sinovlari natijalari asosida belgilanadi. Xorijiy hamkorlarning mamlakatimizga 2018-yil 17-avgustda kelishlari kutilmoqda.

Tel.:(+998 71) 253-81-53, 253-02-19 

Manzil: Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Usmon Nosir ko‘chasi, 156