Yangiliklar
  • 01.12.2018
  • 169

Toshkent shahrida Adju universiteti tashkil etiladi

Prezidentning 2018-yil 30-noyabrdagi “Toshkent shahrida Adju universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Toshkent shahrida Adju universiteti tashkil etiladi.

Qarorga muvofiq, universitetga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Adju universiteti (Koreya Respublikasi) tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

2019/2020 va 2020/2021 oʻquv yillarida oʻqishga qabul qilingan talabalar – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ular Universitetni tamomlaguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan kontrakt summasining respublikadagi boshqa davlat oliy taʼlim muassasalarida tegishli taʼlim yoʻnalishlarida oʻqitish qiymati miqdoridan ortiq qismini toʻlab berish koʻrinishida davlat koʻmagi (keyingi oʻrinlarda – davlat koʻmagi) taqdim etiladi, kontrakt yuridik shaxslar – salohiyatli ish beruvchilar tomonidan toʻlanishi hollari bundan mustasno. Davlat koʻmagi taqdim etilgan Universitet bitiruvchilari respublikaning davlat tashkilotlarida kamida uch yil ixtisosligi boʻyicha ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi. 

Shuningdek, Adju universiteti (Koreya Respublikasi) bilan kelishilgan holda ijtimoiy-iqtisodiy sohaning yuqori malakali mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojlaridan kelib chiqib 2019/2020 oʻquv yilida va keyingi yillarda Universitetga qabul qilish kvotalarini va oʻqish uchun kontrakt summasini belgilanadi.

Universitetda 2019/2020 oʻquv yilida bakalavriatning quyidagi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha talabalar qabul qilinadi:

“Arxitektura”;

“Elektrotexnika” va “Qurilish injiniringi”.

2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Adju universiteti (Koreya Respublikasi) bilan kelishgan holda bakalavriat va magistraturaning yangi istiqbolli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarini, shu jumladan, Adju universiteti (Koreya Respublikasi) standartlari asosida koʻp tarmoqli klinika, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va diagnostika markaziga ega tibbiyot fakultetini belgilangan tartibda ochiladi.

Universitetga 2019/2020 oʻquv yili uchun qabul koʻzda tutilgan.