Yangiliklar
  • 27.01.2019
  • 217

Namanganda tibbiyot yo‘nalishidagi yangi fakultetlar ochiladi

Keyingi yillarda Rossiyaning Sverdlovsk va Oʻzbekistonning Namangan viloyatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda oʻzaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda. Ikki viloyat rahbarlari oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda imzolangan bitimlar buning yaqqol dalilidir. Bu haqda UzA xabar bermoqda.

Tibbiyot sohasida mutaxassis kadrlarni tayyorlash maqsadida ikkita bitim imzolandi. Eng quvonarlisi endilikda Namangan viloyatida ham oliy maʼlumotli tibbiyot mutaxassislari tayyorlanishi uchun imkoniyat yaratildi. Ural davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlik shartnomasiga muvofiq, endi Namangan davlat universitetida toʻrtta yoʻnalish boʻyicha, yaʼni davolash ishi, pediatriya, stomatologiya, farmatsevtika yoʻnalishlari boʻyicha yangi fakultetlar tashkil etiladi. Eʼtiborlisi, talabalar yangi oʻquv yilidan boshlab qabul qilinadi. Shuningdek, namanganlik tibbiyotchilar Ural davlat tibbiyot universitetida malaka oshirish kursida oʻqib, u yerdagi klinikalarda amaliyot oʻtashadi.

Hamkorlik ishidan Ural davlat tibbiyot universiteti rektori Olga Kovtun minnatdor ekanligini bildirib, kelgusida ushbu aloqalar yana ham mustahkamlanishi lozimligini taʼkidladi.