Yangiliklar
  • 23.02.2019
  • 917

Test sinovlariga kiritilayotgan muhim oʻzgarishlar haqida maʼlumot berildi

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oliy taʼlim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi boʻyicha Davlat test markazi va ommaviy axborot vositalari vakillari oʻrtasida matbuot anjumani oʻtkazildi, deya xabar bermoqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi.

Tadbirda abituriyentlarning oʻqishga kirish imkoniyatini yanada oshirish maqsadida ularga bir vaqtning oʻzida uchta bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tanlash huquqi berilayotgani maʼlum qilindi. Shuningdek, ularga amal qilish muddati uch yil boʻlgan sertifikat taqdim etilishi, sertifikatdan uch yil davomida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun foydalanish mumkinligi bildirildi.

“Oʻzbekistonda 2020/21 oʻquv yilidan boshlab abituriyentlar 5ta fan boʻyicha imtihon topshirishi rejalashtirilmoqda, – dedi Davlat test markazi direktori Majid Karimov. – Abituriyentlar test fanlari majmuasini ikki boʻlimga ajratib, yaʼni 3ta majburiy va 2ta ixtiyoriy fandan imtihon topshirishi nazarda tutilmoqda. 2019-yilning sentyabr-oktyabr oyida fanlar majmui maʼlum qilinadi”.

Yangi qaror loyihasida oʻtgan yil va undan oldingi davrda oʻqishni tugatgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida toʻlovni amalga oshirish tartibi taklif etilgan.

Matbuot anjumaniga yigʻilgan jurnalistlar abituriyentlardan yigʻiladigan pul nimaga sarflanishi haqida savol berishdi.

“Abituriyentlar bizdan haqqoniylikni taʼminlashimizni talab qilishmoqda, – dedi DTM direktori Majid Karimov. – Abituriyentlardan tushgan mablagʻlarning 80 foizi imtihonga axborot kommunikatsiya texnologiyalari vositalari, shaxsni aniqlash va kuzatish kameralari sotib olishga sarflanadi. Agar test sinovi oʻtkazilayotgan har bitta auditoriya onlayn translyatsiya qilinadigan boʻlsa, bu katta xarajat degani. Bizda oʻtgan yili 1000 ta guruh shakllantirilgan edi. 1000 ta guruh bu – 1000 ta kuzatuv kamerasi degani. Maqsad test sinovlari adolatli, shaffof, xolis va ochiq tartibda oʻtkazilishini taʼminlashdan iborat”.

Qolgan mablagʻlar binolarning ijara toʻloviga, katta quvvatli konditsionerlar, ota-onalar uchun monitorlar bilan jihozlashga hamda abituriyentlarni ichimlik suvi va ruchka bilan taʼminlashga yoʻnaltirilishi aytildi.

“Birgina misol, oʻtgan yili “Oʻzekspomarkaz” pavilonining ijara toʻlovi 15 kun uchun 2 milliard soʻmni tashkil etgan, – dedi Majid Karimov. – Bizda bunaqa binolardan 57 ta bor”.

DTM direktori oʻrinbosari Qahramon Haqberdiyevning taʼkidlashicha, kirish imtihonlaridan tushadigan moliyaviy mablagʻlar, shuningdek, toʻrt mingdan ortiq guruh nazoratchilariga toʻlanadigan ish haqi, ularga tashkil etiladigan tushlik, test materiallarini sifatli tayyorlash, oʻz vaqtida belgilangan joylarga yetkazib berish, olib kelish, saqlash va shu kabilarni qoplash uchun safarbar etiladi.

Mutasaddilar joriy yilda maktab, litsey va kollejlarni tamomlovchi yoshlar uchun test sinovlari mutlaqo bepul, hech qanday toʻlovlarsiz oʻtkazilishi tartibi saqlanib qolayotganini maʼlum qildi.

Abituriyentlar va ularning ota-onalari tomonidan ortiqcha ovoragarchiliklar va xarajatlarning oldini olish maqsadida ularni yashab turgan manzilida Davlat xizmatlari markazlari orqali roʻyxatga olish yoʻlga qoʻyiladi.

“Elektron hujjat topshirish imkonini beradigan universities.uz hali ishga tushmagan, – dedi DTM direktori. – Bu platforma taklif sifatida koʻrib chiqilmoqda”.