Yangiliklar
  • 16.03.2019

Toshkentdagi Yodju texnika institutida 6 yangi taʼlim yoʻnalishi ochiladi

Yoshlar ijod saroyida davom etayotgan xalqaro taʼlim koʻrgazmasida 2019−2020 oʻquv yilida Toshkent shahridagi Yodju texnika institutida 6 yangi taʼlim yoʻnalishi ochilishi maʼlum qilindi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.

— Janubiy Koreyadagi Yodju texnika instituti bilan hamkorlikda ochilgan taʼlim muassasamiz 2018 yil oʻz faoliyatini boshladi — deydi institutning talabalar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Abduboriy Habibullayev. — Xozirgi kunda bu yerda arxitektura va shaharsozlik, qoʻrilish, muqobil energiya, turizm va biznesni boshqarish yoʻnalishlarida yoshlarga tahsil beriladi. Koʻrgazmaga kelgan yoshlarning instiutimizga boʻlgan qiziqishi yuqori ekanidan mamnunmiz. Ular uchun yana bir muhim yangilik, institutimizda 2019−2020 oʻquv yilida xalqaro marketing, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, boshlangʻich taʼlim, koreys tili filologiyasi, estetika va liboslar dizayni kabi 6 yangi taʼlim yoʻnalish ochiladi.

Uch kun davom etishi rejalashtirilgan mazkur koʻrgazmaning soʻnggi kuni Samarqand shahrida boʻlib oʻtadi.