Yangiliklar
  • 30.04.2019

Togʻli va choʻl hududlarida dars bermoqchi boʻlganlarga universitetga qabulda imtiyoz beriladi

Bitirgandan keyin togʻli va choʻl hududlarda dars bermoqchi boʻlgan abituriyentlar universitetga imtiyozli qabul qilinadi. Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida shu haqda soʻz boradi. Ragʻbatlantirishning bunday mexanizmi Xalq taʼlimi vazirligi tavsiyasi bilan amalga oshirilmoqda.

Bu nimasi bilan muhim? Oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish jarayonida uzoq hududlardan kelgan abituriyentlar uchun oʻqishga kirishda imtiyozlarning yoʻqligi sababli togʻ va choʻl hududlaridagi maktablarda oʻqituvchilarga ehtiyoj yuqori darajada qolmoqda. Chekka hududlarda ayniqsa matematika, fizika, kimyo, informatika, chet tillar kabi fanlar boʻyicha pedagoglar yetishmovchiligi kuzatilmoqda.

Konsepsiyada shuningdek 2030-yilga kelib barcha maktablarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, koʻmir, ichimlik suvi va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz taʼminlanishi belgilab qoʻyilgan.