Yangiliklar
  • 03.05.2019

Abituriyentlar uchun yilning eng ogʻriqli savoli: “B1mi, B2?”

Oʻzbekiston prezidentining 2018-yil 5-iyundagi 3775-qarorida 2019-yil 1-yanvarga qadar Davlat test markaziga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda ilgʻor xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va h.) sertifikatlariga ega boʻlgan abituriyentlarga tegishli fanlardan belgilangan eng yuqori ball berish va ushbu fan test sinovidan ozod qilish tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish buyurilgan edi. Ushbu qarordan yoshlar, ziyolilar va el-yurt kelajagi uchun befarq boʻlmagan millionlab odamlar mamnun boʻldi. Chunki yer yuzidagi deyarli barcha nufuzli universitetlar tan oladigan mashhur sertifikatlarning bizda tan olinmasligi juda gʻalati hol edi.

Tayyorlangan qaror loyihasi 2018 yilning noyabr-dekabr oylarida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) joylashtirildi. Loyihada yuqorida tilga olingan sertifikatlarning tan olinishi aytilgan. Biroq loyihaning bir nechta bandi koʻpchilik mutaxassislar va yoshlarning keskin eʼtiroziga sabab boʻldi.

Qaror loyihasida aytilishicha, agar chet tili bakalavriat bosqichiga kirish imtihonlarining 1-blok fani boʻlsa, DTM tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi sertifikatning B2 darajasi talab qilinishi kerak. Milliy sertifikatning B1 darajasi talabi endigina yoʻlga qoʻyilayotgan, shu daraja sertifikatini qoʻlga kiritish ham mamlakatimizdagi yoshlarning kamdan-kamiga nasib qilayotgan bir paytda talabning koʻtarilishi sababini tushunib boʻlmaydi.

Sohaga aloqasi boʻlmagan odamning nigohi bilan qaralganda talabning koʻtarilishi ijobiy narsadek koʻrinadi, lekin tajribali mutaxassislarning fikricha unday emas.

Amaldagi Davlat taʼlim standartlariga koʻra litsey va kollejlar bitiruvchilari chet tili chuqurlashtirib oʻtiladigan yoʻnalishni bitirayotgan boʻlsa chet tilini B1+, boshqa yoʻnalishni bitirayotgan boʻlsa B1 darajada bilishi talab qilinadi. Demak, chet tilidan B1, nari borsa B1+ darajani oʻrgatadigan taʼlim dasturlari, darsliklar va oʻqituvchilardan taʼlim olgan bitiruvchilarga oʻzlari egallagan bilimdan yuqori talab qoʻyishni “gummaga pul berib, shashlik olib kelishni buyurish”ga oʻxshatish mumkin. 

Bundan tashqari, masalaning boshqa muhim jihatlari bor.

Birinchidan, chet tili bilimlarini DTMning oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida foydalaniladigan, asosan grammatik savollardan iborat boʻlgan testlar yordamida “aniqlash”, afsuski, hali ham davom etmoqda. Bu koʻpchilik mutaxassislarning fikriga koʻra hozirgi zamonga mutlaqo mos kelmaydigan usul. Chunki til grammatikadangina iborat emas va til bilimini qogʻozda aks etadigan test savollari bilangina baholab boʻlmaydi, u eshitiladi, yoziladi va gapiriladi. Grammatikani yaxshi bilish tilni yaxshi biladi, undan foydalana oladi degani emas. Chet tilini bilish darajasini aniqlash, baholash va sertifikat berish amaliyotining yoʻlga qoʻyilishi yuqorida aytilgan muammoni hal qilish yoʻlidagi dadil qadamlardan biridir. Ammo abituriyent uchun qarorda aytilgan B2 darajadan koʻra 30 talik “eskicha” testlarga tayyorlanish osonroq, shuning uchun ham zamon talabiga anchagina mos boʻlgan CEFR testidan koʻra oʻsha testlarga tayyorlanishni istovchilar koʻpayadi. Bu esa – orqaga qadamdir.

Ikkinchidan, dunyoning koʻpgina nufuzli universitetlari ham chet tili talabini nari borsa B2 qilib qoʻyadi, vaholanki, ularda taʼlim aynan shu tilda olib boriladi. Bizning universitetlarimiz bunday nufuzga ega boʻlmasdan turib ularga kirish uchun talabning qiyinlashtirilishi yoshlarimizning kattagina qismida oʻzimizning universitetlardan koʻra talabi osonroq, diplomi esa nufuzliroq boʻlgan chet el universitetlarini tanlash istagini ragʻbatlantiradi. Ular chetda taʼlim olib, yaxshi mutaxassis boʻlib qaytsa nur ustiga nur, ammo bizdagi mehnat muhiti bilan ularning diplomlari oʻtadigan ilgʻor mamlakatlardagi mehnat muhiti oʻrtasida farq borligi uchun ularning qancha-qanchasi boshqa yurtlarda qolib ketadi.

Uchinchidan, Oʻzbekistonda chet tilini B2 darajada biladigan va oʻrgata oladigan oʻqituvchilar kam va buni yashirmaslik kerak. Bu muammo markazdan uzoq, chekka hududlar uchun ayniqsa dolzarb. Koʻp maktablarda chet tili oʻqituvchisi yetishmaydi. Vaziyat yaxshilanmay turib B2 daraja talab qilish aqlga toʻgʻri kelmaydigan bir ish.

Qaror loyihasining milliy sertifikatimizga oid bandlari boʻyichaham muammolar yuzaga keldi. Masalan, shu paytgacha olingan B1 sertifikatlarining taqdiri nima boʻladi? Ularning egalari imtiyoz berilgani uchun ham pul toʻlab, oʻqishini rejalashtirib sertifikatga erishgan. Ammo yangi beriladigan B1 sertifikatlariga imtiyoz bermaslik ham adolatdan boʻlmaydi. Tasavvur qiling, bilimi siznikidan pastroq sherigingiz sertifikat imtiyozi tufayli universitetga kiradi, siz esa yoʻq. Chunki u B1 sertifikatini oldinroq olgan, siz esa keyinroq. Bu sizga qanday taʼsir qilgan boʻlar edi?

Yuqoridagi muammolarga yechim sifatida quyidagilarni taklif qilaman:

  • ilgʻor xorijiy sertifikatlarga qoʻyiladigan talabni pasaytirish;
  • B1 sertifikati imtiyozini oʻz kuchida qoldirish. Turli bloklar uchun B1 daraja ballarini tabaqalashtirish (masalan, 1-blok 100 ball, 2-blok 90 ball, 3-blok 80 ball);
  • avval olingan B1 sertifikatlari uchun ham ushbu tabaqalashtirishni joriy qilish;
  • universitetlar reytingi va nufuziga koʻra chet tili sertifikati darajasi talabini mustaqil belgilash mexanizmini yoʻlga qoʻyish;
  • milliy sertifikat bilan bogʻliq barcha oʻzgarishlarni kelgusi yildan jori etish;
  • DTM CEFR testlarining murakkablik darajasi va sifatini xalqaro CEFR normalaridan oshirib yubormaslik.

Qolaversa, milliy sertifikat tizimiga chet tili bilimlarini baholashning kelajagi sifatida qaralishini xohlayman, eskicha, samarasi past usullarni bosqichma-bosqich zamonaviy usullarga almashtirish, yaqin kelajakda anʼanaviy grammatika testlarini qoʻllashga chek qoʻyish kerak deb hisoblayman.

Chet tili fani asosiy fan boʻlgan yuz minglab yoshlar, oʻqituvchilar, hatto ota-onalar uchun ham shu mashmasha vajidan bu yil juda ogʻir boʻldi. Umid qilamanki, masʼullar aytib oʻtilgan muammolarni hal qilib, bolalarimizning qalbidagi adolatga, kelajakka boʻlgan ishonchni tiklaydilar.

Alisher Sotivoldiyev,
ingliz tili oʻqituvchisi