Yangiliklar
  • 09.06.2019

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida dastlabki imtihon oʻtkazilish vaqti oʻzgartirildi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga oʻqishga kirish uchun oʻtkaziladigan dastlabki imtihon iyun oyida oʻtkaziladi. Ilgari mazkur oliygohda dastlabki imtihon iyul oyida boʻlib oʻtar edi (8 – 9-iyul kunlari). Bu oʻzgarish Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 468-sonli qarorida bayon etilgan.

Quyida esa ushbu oliygohning oʻqishga qabul qilish tartibi haqida batafsil maʻlumot beramiz.

Universitet bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish ikki bosqichda oʻtkaziladi:

dastlabki imtihon (yozma);

Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan kirish test sinovlari orqali.

Dastlabki imtihon – universitet rektorining buyrugʻi bilan tashkil etiladigan maxsus komissiya tomonidan oʻtkaziladi. Maxsus komissiya tarkibiga universitet xodimlari bilan bir qatorda boshqa davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham kiritiladi. Dastlabki imtihonni oʻtkazish jadvalii dastlabki imtihonni oʻtkazish boshlanishidan kamida 10 kun avval universitetning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.

Dastlabki imtihon yozma shaklda oʻtkaziladi va quyidagilarni belgilovchi savollarning uch blokidan iborat boʻladi:

intellektual daraja (40 ball), mantiqiy va keng fikrlash, turli tushunchalar, faktlarni taqqoslash hamda ularning oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni topish;

ona tilini bilish darajasi (30 ball), oʻrta maxsus, kasb-hunar taʻlimi muassasalari (akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari), shuningdek, umumtaʻlim maktablari (11-sinf bazasida) dasturlariga kiritilgan Oʻzbekiston madaniyati, sanʻati, tarixi, geografiyasiga taalluqli va boshqa masalalar yuzasidan savodli va asosli tushuntirish qobiliyati;

xorijiy tillarni (ingliz, fransuz va nemis tillari) bilish darajasi (30 ball), Oʻzbekiston madaniyati, sanʻati, tarixi, geografiyasiga taalluqli va boshqa sohalarga oid masalalar yuzasidan savodli va asosli tushuntirish qobiliyati. Bunda, xorijiy tillar boʻyicha yetakchi xalqaro va baholash tizimlarining amaldagi sertifikatlariga, shu jumladan, IELTS boʻyicha kamida 5,5 ball, TOEFL IBT boʻyicha kamida 61 ball bilim darajasi koʻrsatkichi bilan xalqaro sertifikatlarga, shuningdek, test DaF, GOETNE sertifikati, DELF sertifikati imtihonlaridan CEFR uslubi boʻyicha B2 minimal darajasiga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-avgustdagi 610-son qarori talablariga muvofiq sertifikatlarga ega boʻlgan abituriyentlarga ushbu savollar bloki boʻyicha maksimal ball beriladi.

Dastlabki imtihonning maksimal ballari miqdori 100 ballni tashkil etadi. Abituriyent kirish test sinovlariga ruxsat berilishi uchun biletdagi barcha savollar boʻyicha umumiy ballar miqdorining kamida 50 foizini toʻplashi zarur.

Dastlabki imtihon uchun ajratilgan vaqt, shu jumladan tashkiliy qism va ishlarni topshirish vaqti 3 soatni tashkil qiladi.

Dastlabki imtihonni tashkil etish uchun abituriyentlar guruhlarga boʻlinadi. Bunda, har bir guruhda dastlabki imtihonni tashkil etish va uning oʻtkazilishini nazorat qilish maxsus komissiyaning uch nafar vakili tomonidan amalga oshiriladi. Maxsus komissiyaning bayon shaklida tasdiqlanadigan qarori asosida maxsus komissiya aʻzolari guruhlarga ajratiladi. Auditoriyada boshqa shaxslarning boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Abituriyent auditoriyaga qabul komissiyasining masʻul shaxsi tomonidan taklif etiladi. Bunda abituriyent oʻz pasportini (16 yoshga toʻlmagan shaxslar tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani) taqdim etishi shart.

Yodda tuting! Abituriyentlarning yozma imtihon oʻtkaziladigan auditoriyaga qogʻoz yoki elektron manbadagi oʻquv adabiyoti, lugʻatlar, maʻlumotnomalar, jadvallar va boshqa adabiyotni, normativ-huquqiy hujjatlar, konspektlar, yozuv daftarlari, qogʻoz yoki elektron shakldagi shpargalkalar, aloqa vositalari (jumladan, mobil aloqa vositasi), audio, foto va video yozish qurilmalarini olib kirish hamda ulardan foydalanish qatʻiyan man etiladi. Abituriyentlarning yozma imtihon oʻtkazilayotgan vaqtda auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi, salomatligi yomonlashganda qabul komissiyasining masʻul shaxsi hamrohligida chiqishi bundan mustasno. Bunda yozma imtihon materiallari qabul komissiyasiga topshirilishi shart.

Abituriyent dastlabki imtihonga jadval boʻyicha kelmagan holatlarda Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan kirish test sinovlariga qoʻyilmaydi.

Dastlabki imtihon natijalari toʻgʻrisidagi maʻlumot Universitetning axborot stendlarida va rasmiy veb-saytida imtihon oʻtkazilgandan keyingi ikki kun ichida joylashtiriladi.

Dastlabki imtihon natijalari eʻlon qilinganidan soʻng bir kundan kechikmagan holda ularni qayta koʻrib chiqish uchun murojaat qilinishi mumkin.

Fuqarolarning ushbu masala boʻyicha murojaatlari qabul komissiyasi tomonidan abituriyent dastlabki imtihon natijalarini qayta koʻrib chiqish uchun murojaat qilgan kunidan keyingi ikki kun ichida koʻrib chiqiladi.

Dastlabki imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlarga kirish test sinovlarini Universitet bakalavriatiga oʻqishga kirish uchun belgilangan tartibda topshirishga ruxsat etiladi.