Yangiliklar
  • 06.07.2019

Oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari bo‘lib o‘tdi, 33 nafar abituriyent test sinovlaridan chetlatildi

2019-yil 5-iyul kuni Respublikadagi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasi tasarrufidagi 7 ta oliy harbiy ta'lim muassasalariga kirish test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda DTM matbuot xizmati xabar bermoqda.

Test sinovlari 2 smenada, videokuzatuv vositalari bilan jihozlangan katta sig‘imli binolarda shaffofligi ta'minlangan holda o‘tkazildi. Ota-onalarning kutish joylarida va jamoatchilik uchun jarayonlarni https://test2019.uz sayti orqali onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratildi.

Test sinovlarida ishtirok etishi belgilangan 6008 nafar abituriyentdan 5932 nafari ishtirok etdi, 76 nafari qatnashmadi, test topshirish tartib-qoidalarini buzganligi sababli, 33 nafar abituriyent test sinovlaridan chetlatildi.

Test materiallari barcha hududlardan o‘z vaqtida Davlat test markaziga yetkazib kelindi.

Ayni paytda yopiq va maxfiy rejimda natijalarni hisoblash ishlari olib borilmoqda.