Yangiliklar
  • 11.07.2019

Sirdaryoda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filiali tashkil etildi

 

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-iyuldagi qarori bilan Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filiali tashkil etildi.

Qarorga ko‘ra, kimyoviy texnologiyalar sohasida malakali kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, korxonalarning muammolarini hal etishga qaratilgan innovatsion tadqiqotlarni faol rivojlantirish oliygohning asosiy vazifalaridan etib belgilandi.

2019/2020 o‘quv yilida Filialga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasining qaroriga asosan tasdiqlanadi. 

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Qaror bilan Filial o‘z faoliyatini Yangiyer qurilish va kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining bino va inshootlarida olib boradi.

Shuningdek, Filialni yuqori malakali, ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlar bilan ta’minlash maqsadida Filial uchun ilmiy-tadqiqot institutlari va respublikaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tayanch doktoranturaga 2020-yildan maqsadli kvotalar ajratilishi ta’minlanadi.