Yangiliklar
  • 29.07.2019

Samarqanddagi test sinovlariga 224 nafar abituriyent kelmadi

Самарқанддаги тест синовларига 224 нафар абитуриент келмади

Bugun – 29-iyuldan 2019/2020 oʻquv yili uchun yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar test sinovlarini topshira boshladi.

Jumladan, Samarqand shahridagi 5 ta katta sigʻimdagi binolarda – Samarqand davlat universiteti akademik litseyi sport zali, sportning oʻyin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabining uchta sport zali hamda Samarqand pedagogika va xizmat koʻrsatish kolleji sport zalida imtihonlar boshlandi.

– Bu maskanlarda bir vaqtning oʻzida 3060 nafar abituriyent test topshirishi mumkin, – deydi Davlat test markazining Samarqand viloyat boʻlimi boshligʻi Nosir Eshonqulov. – Binolarda ular uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan, konditsionerlar oʻrnatilgan. Test topshirish jarayoni kuzatuv kameralari orqali kuzatilmoqda. Shuningdek, abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlari imtihon oʻtayotgan binolar yaqinidagi maxsus ajratilgan joylarda katta monitorlarda bu jarayoni bevosita koʻrib turibdi.

Bugun birinchi navbatdagi test sinovlarida 3060 nafar abituriyentning 224 nafari qatnashmadi.

Eslatib oʻtamiz, bu yil Samarqand viloyatida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun 117 ming nafardan ortiq abituriyent roʻyxatdan oʻtgan. Ularning 96 ming nafari 13-avgustga qadar (shu kuni ham) Samarqand shahrida test sinovlarini topshiradi.

photo_2019-07-29_10-43-05.jpg 

photo_2019-07-29_10-43-07.jpg 

photo_2019-07-29_10-45-23.jpg 

photo_2019-07-29_10-45-26.jpg 

Gʻ.HASANOV, A.ISROILOV (surat)