Yangiliklar
  • 30.07.2019

Test sinovlarining birinchi kunida ishtirok etgan abituriyentlarning natijalari ma’lum qilindi

Respublika oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga oʻqishga kirish uchun oʻtkazilgan test sinovlarining birinchi kunida ishtirok etgan abituriyentlarning natijalari (toʻplagan ballari) ma’lum qilindi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov xabar berdi.

Respublika oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga oʻqishga kirish uchun oʻtkazilgan test sinovlarining birinchi kuni – 29-iyul natijalari quyidagicha:

Test sinovlari shaxsni identifikatsiyalash vositalari, videofiksatsiya hamda doimiy videokuzatuv qurilmalari bilan jihozlangan 66 ta katta sigʻimli binoda test sinovlari ikki smenada “Matematika”, “Fizika” va “Ona tili va adabiyoti” fanlari boʻyicha oʻtkazildi.

Test sinovlarida ikki smenada jami 71 ming 340 nafar abituriyent ishtirok etishi belgilangan edi. Shundan, 68 ming 736 nafari test sinovlarida ishtirok etdi.

Test sinovlariga 2 538 nafar abituriyent kelmadi.

Test sinovlari tartib qoidalarini buzganligi sababli 53 nafar abituriyent test sinovlaridan chetlashtirildi.

Test sinovlarida 2 576 nafar guruh nazoratchilari ishtirok etdi.

29-iyul kuni bo‘lib o‘tgan test sinovlari natijalarini (to‘plagan ballarini) mandat.dtm.uz sayti orqali bilish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, hozir abituriyentlarning to‘plagan ballarini bilish mumkin xolos.

Qoidaga ko‘ra, abituriyentning test sinovidan toʻplagan ballari haqidagi maʼlumot test sinovi oʻtkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani boʻyicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi test sinovlarini oʻtkazish jarayoni toʻliq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida DTM veb-saytida eʼlon qilinadi.

Bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha eng yuqori ball:

a) kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha:

Oʻzbekiston milliy universitetining 5130100 – Matematika taʼlim yoʻnalishi – 172,6 ball;

b) sirtqi taʼlim shakli boʻyicha:

Andijon davlat universitetining 5110700-Informatika oʻqitish metodikasi taʼlim yoʻnalishi – 142,1 ball;

v) kechki taʼlim shakli boʻyicha:

Samarqand davlat universitetining 5130100 – Matematika taʼlim yoʻnalishi – 127,2 ball.