YANGILIKLAR
  • 22.06.2020

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga qabul boshlandi

Bugun yurtimiz yoshlari o‘z hayotidagi muhim bosqich oldida turibdi. Mamlakatimiz umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilari qatorida ko‘plab abituriyentlar uchun “g‘alvir suvdan ko‘tariladigan palla” yaqin. Hozirda ular o‘z iqtidorlari va yillar davomidagi to‘plagan bilimlarini namoyish etish uchun qat’iy ishonch bilan tanlagan kasbiy mutaxassislik bo‘yicha bilim beradigan oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirish taraddudida.

Jahonda o‘z nufuziga ega akademiya

Mamlakatimizning barcha oliy ta’lim muassasalari qatorida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham abituriyentlardan hujjat qabul qilish jarayoni boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur akademiya yurtimiz va jahonda o‘z nufuziga ega bo‘lib bormoqda. Zero, u dunyoviy fanlar qatorida islomshunoslik va dinshunoslik yo‘nalishlari ilmiy jihatdan chuqur o‘qitiladigan dunyodagi sanoqli ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasidan biri hisoblanadi. Shu bois ilg‘or va zamonaviy ta’lim standartlar asosida ilm olishni istab akademiyaga hujjat topshirayotgan mahalliy va xorijiy yoshlar safi yildan yilga tobora kengaymoqda.

Hozirda akademiyada uchta – Islomshunoslik, Mumtoz Sharq filologiyasi hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti mavjud bo‘lib, ularda o‘z ixtisosligi bo‘yicha dunyoda taniqli mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatmoqda.



Qabul jarayonidagi yangiliklar nimada?

Joriy yilda oliy o‘quv yurtlariga hujjatlar qabuli va test sinovlari butun dunyoda bo‘lgani kabi Covid-19 pandemiyasi sharoitida o‘tkazilayotgani bois o‘ziga xos talab hamda sharoitlarni taqozo etmoqda.

“2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori asosida joriy yilda abituriyentlarga keng imkoniyatlar berilmoqda. Eng avvalo, abituriyent test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda ketma-ketligi bir xil bo‘lgan 5 tagacha oliy o‘quv yurti bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. Shuningdek, kirish test sinovlari ikkita fandan o‘tkazilishi ham yoshlarning o‘z iqtidorlarini to‘liq namoyon etishiga sharoit yaratishi tabiiy.

Albatta, bu kabi yangilik va yengilliklar yoshlarimizning ilm-ma’rifatga intilishini qo‘llab-quvvatlagan holda kelajakda yetuk mutaxassis kadr sifatida jamiyatda o‘z munosib o‘rnini egallashiga katta rag‘bat beradi.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan ham joriy yilda abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish va dastlabki imtihonlarni o‘tkazishda o‘ziga xos yangiliklar tatbiq etilmoqda.

Eng avvalo, shuni ta’kidlash joizki, akademiya bitiruvchilari ilmiy-pedagogik salohiyati va chet tillarni bilish darajasiga qo‘yilayotgan talablar asosida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq joriy yildan Akademiyaga qabul jarayonida dastlabki imtihon tatbiq etilmoqda. Ushbu sinovlar bo‘lg‘usi talabaning o‘z intellektual salohiyatini kengroq namoyon etishiga imkoniyat yaratishi bilan ahamiyatlidir.

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi bo‘lishni maqsad qilgan abituriyentlar dastlab quyidagi ilovadagi hujjatlarining PDF format yoki sifatli suratini uylarida turgan holda(!) kompyuter yoki zarur imkoniyati mavjud mobil aloqa vositasi orqali https://qabul.iiau.uz portaliga yuklashi zarur.

Ro‘yxatdan o‘tishda so‘rovnomaning belgilangan joyiga abituriyent doimiy ish faoliyatidagi o‘z mobil(!) telefoni raqamini kiritishi talab etiladi. Chunki ushbu belgilangan mobil raqamga SMS xabar orqali dastlabki imtihon vaqti, internet havolasi (link) hamda imtihonga kirish uchun shaxsiy Login va Parol yuboriladi.

Unutmaslik joizki, abituriyent hujjatlarini onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida barcha ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik pasportiga ko‘ra rasmiylashtirishi shart. Agarda ism sharifi yoki qaysidir sana yoxud boshqa nomdagi hujjat xato yuklansa, kompyuter tizimi avtomatik ravishda barcha axborotlarni rad etadi(!). Bu esa abituriyentning hujjatlari Akademiya qabul komissiyasi tomonidan qabul qilinmasligiga sabab bo‘ladi.



Dastlabki imtihon qanday va qachon o‘tadi?

E’tibor berish joizki, abituriyentlar 2020 yilning 20 iyunidan 10 iyul soat 17-00ga qadar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining https://qabul.iiau.uz portali orqali belgilangan tartibda hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazgach, 11-13 iyul kunlari dastlabki imtihon — Intellektual salohiyatni baholovchi testdan o‘tish talab etiladi. Bunda har bir abituriyentning (hujjat topshirishda rasmiylashtirilgan) mobil telefon raqamiga SMS xabar orqali Intellektual test olinadigan internet portali ilova(link)si, testdan o‘tish kuni (sanasi), vaqti (soati) hamda shaxsiy Login va Parol yuboriladi.

Ta’kidlash joizki, mazkur imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlargina 2020 yilning 15-20 iyul kunlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz, uning hududiy bo‘limlari yoki Davlat test markazi sayti orqali O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga qo‘shimcha ravishda test sinovi topshirish fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan yana 4 ta oliy o‘quv yurtini tanlab, belgilangan tartibda hujjat topshirishi mumkin.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati