YANGILIKLAR
  • 08.05.2020

Toshkent shahrida Britaniya menejment universiteti tashkil etiladi

“Toshkent shahridagi Britaniya menejment universitetini tashkil etish to‘g‘risida” Hukumat qarori (272-son, 08.05.2020 y.) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, nodavlat taʼlim xizmatlarini ko‘rsatuvchi Toshkent shahridagi Britaniya menejment universiteti tashkil etiladi.

Respublika iqtisodiyoti real sektori ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali oliy maʼlumotli mutaxassislarni tayyorlash universitetning asosiy vazifalaridan biridir.

Universitetda o‘qitish O‘zbekistonda amalda mavjud taʼlim shakllari hamda ingliz tilida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Universitetda dastlabki bosqichda quyidagi bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar qabul qilinadi:

“Loyihalarni boshqarish”;

“Logistika va yetkazib berish zanjirlarini boshqarish”;

“Tadbirkorlik va innovatsiyalar”;

“Xalqaro elektron tijorat”;

“Raqamli iqtisodiyot”.

Shu bilan birga har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan farzandlari orasidan tanlov asosida bepul (Universitet granti asosida) 20 nafardan kam bo‘lmagan abituriyentlar o‘qishga qabul qilinadi.

Universitetda taʼlim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi.Bitiruvchilarga O‘zbekistonda oliy maʼlumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida eʼtirof etiladigan belgilangan namunadagi diplom beriladi.