Yangiliklar
  • 10.07.2018
  • 725

DTM saytida hujjat topshirgan abituriyentlar soni haqida onlayn ma’lumot beruvchi bo‘lim va mobil ilova ishga tushdi

Xabringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-iyundagi “2018/2019 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qarori imzolangan. Qarorga muvofiq, umumiy qabul kvotasi qariyb 8500 nafarga oshib, 78701 dan (grant bo‘yicha — 19725, to‘lov-kontrakt — 58976) 87165 taga (19240, 67925) yetdi.

Magistraturaga qabul kvotasi qariyb 1000 nafarga oshib, 5940 (5000) nafarga yetadi. Ularning 1556 nafari (o‘zgarishsiz) grant bo‘yicha tahsil olsa, 4384 nafari (3444) shartnoma asosida o‘qiydi.

Bakalavriatning maxsus sirtqi bo‘limlariga qabul soni qariyb ikki barobarga oshib, 11765 nafarga yetkazildi (o‘tgan yili — 5955). Ularning 15 nafari (o‘zgarishsiz) grant asosida tahsil olsa, 11750 nafari (5940) shartnoma bo‘yicha ta’lim oladi.

DTM saytida abituriyentlar uchun oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abituriyentlarning soni real vaqtda nechta bo‘lganligini kuzatish mumkin bo‘lgan maxsus sahifa hamda mobil ilova ishga tushdi. 

Ushbu tizim abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalariga bormasdan qaysi oliy ta’lim muassasasiga va qaysi ta’lim yo‘nalishiga qancha ariza topshirilganligi haqidagi ma’lumotlar bilan tanishish imkonini beradi. Tizim bilan DTMning qabul.dtm.uz sayti orqali muntazam tanishib borish mumkin. Bundan tashqari, foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida, “Unistat” android ilovasi yaratildi. Ilova orqali oliy ta’lim muassasalariga topshirilayotgan arizalar sonini real kuzatib borish mumkin.

Shuningdek, ushbu sahifada respublikadagi mavjud barcha OTMlarning yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari ham ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili hujjat topshirgan abituriyentlar soni bo‘yicha rekord natija qayd etilgan edi. Hujjat topshirgan abituriyentlar jami 729 947 nafar bo‘lib, o‘rtacha tanlov ko‘rsatkichi bir o‘ringa 10.9 tani tashkil etgan edi.