Yangiliklar
  • 11.07.2018
  • 164

Abituriyentlarga eslatma!

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi”gi Nizomga muvofiq, test sinovlari kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta’lim shakli uchun har yili 1-avgustdan 15-avgustgacha bo‘lgan muddatda, qoida tariqasida, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi. Birinchi smena soat 08:00 da, ikkinchi smena soat 15:00 da boshlanadi.

Abituriyent test sinovlari boshlanganidan so‘ng binoga tegishli hududga kiritilmaydi.

Abituriyent ruxsatnomasida ko‘rsatilgan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etadi.

Abituriyent uchun mazkur sana va vaqt qat’iy hisoblanib, unga boshqa sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etish uchun ruxsat berilmaydi.

Test topshiriqlari umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari o‘quv dasturlariga muvofiq tuziladi.

Abituriyentlar tanlagan ta’lim yo‘nalishiga qarab tegishli ravishda bir, ikki yoki uchta fan majmuasi bo‘yicha test sinovini topshiradi.

Test topshiriqlari kitobidagi mavjud har bir fan 30 tadan test topshirig‘ini o‘z ichiga oladi.

Test topshiriqlarini bajarish uchun (javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birga) 30 ta test topshirig‘iga 1 soat, 60 ta test topshirig‘iga 2 soat, 90 ta test topshirig‘iga 3 soat vaqt belgilanadi.

Abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani to‘g‘risida belgilangan tartibda tasdiqlangan test sinovlari natijalari test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi  hamda oliy ta’lim muassasalariga yetkaziladi.

Test sinovlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlarida va uning hududida o‘rnatiladigan qo‘shimcha yig‘ma pavilonlarda, shuningdek, katta sig‘imdagi boshqa binolarda, viloyat  markazlarida esa — olimpiya zaxiralari kollejlari yoki boshqa tashkilotlarning katta sig‘imdagi binolarida o‘tkaziladi.

Binoda test sinovlari jarayonini to‘liq nazorat qilish maqsadida qoida tariqasida, 30 nafar abituriyent uchun bitta videokuzatuv tizimi o‘rnatilishi, jarayonni abituriyentlarning ota-onalari onlayn tarzda kuzatishi uchun zarur asbob- uskunalar bilan jihozlanishi shart.

Binoda bir nafar abituriyentga qoida tariqasida, 2 m2 dan kam bo‘lmagan joy tayyorlanadi.

Hududlar bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladigan bino va guruhlarning alohida tartib raqami takrorlanmaydigan ketma-ketlikda raqamlangan bo‘lishi lozim.

Har bir guruh alohida o‘tirish o‘rniga ega bo‘lgan 30 tadan stol va stul bilan ta’minlanib, stollar birdan o‘ttizgacha raqamlanishi lozim.

Guruh nazoratchisi uchun test materiallarini tarqatish va qabul qilishga alohida stol va stul ajratilib, stol uzluksiz videokuzatuv bilan ta’minlangan bo‘lishi zarur.

Har bir test topshirig‘iga 4 tadan (“A”, “B”, “C”, “D”) muqobil javoblar beriladi.

Abituriyent tomonidan har bir test topshirig‘iga faqat bitta javob belgilanishi shart bo‘lib, test topshiriqlari kitobida to‘g‘ri deb hisoblangan javoblarni javoblar varaqasidagi mos tartib raqamli doirachadan bittasini bo‘yaydi (javoblar  varaqasida bo‘yalgan javoblarni o‘zgartirish mumkin emas). Agar, javoblar varaqasidagi “belgilash uchun namuna” qoidasiga rioya etilmasa, jumladan, bitta test topshirig‘iga javoblar varaqasida tegishli doiracha bo‘yalmasa yoki  ikki va undan ortiq doiracha bo‘yalsa yoxud to‘liq bo‘yalmasa ushbu test topshirig‘iga ball berilmaydi.

Abituriyentning test sinovlarini topshirish vaqtida guruhdan chiqishi taqiqlanadi, chiqqan abituriyentlar qaytadan test sinovlariga qo‘yilmaydi. Test materiallarisiz, guruh nazoratchisi kuzatuvi ostida guruhdan chiqish hollari bundan  mustasno.

Quyidagi hollarda abituriyent test sinovlari jarayonidan chetlashtiriladi va natijalari chiqarilmasligiga asos bo‘ladi:

— test sinovlari o‘tkaziladigan hududga yoki binoga kirishda mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalar, shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa, olib kirgan  bo‘lsa yoki ulardan test sinovlari davomida foydalansa;

— test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki ularga yordam bersa;

— test materiallarini binodan tashqariga olib chiqsa, test topshiriqlari kitobi varag‘ini yirtsa;

— test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng test materiallarini topshirishdan bosh tortsa;

— test sinovlari jarayonida videokuzatuvlar orqali abituriyentning tartib va qoidalarga amal qilmaganligi aniqlansa.

Test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar 20-avgustdan 30-avgustgacha (belgilangan ish vaqtiga muvofiq, dam olish kunlarisiz o‘n bir kalendar kuni ichida) bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim  muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyatsiya komissiyasiga belgilangan shaklga muvofiq yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega.

Abituriyentga apellyatsiya shikoyati qabul qilinganligi to‘g‘risida uch ish kuni ichida xabarnoma beriladi.

Apellyatsiya shikoyati Davlat test markazida hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi bo‘limlarida qabul qilinadi.

Apellyatsiya shikoyatiga abituriyent ruxsatnomasining nusxasi ilova qilinadi.