Yangiliklar
  • 12.07.2018
  • 136

Harbiylarning farzandlariga o‘qishga kirishda qanday imtiyozlar berilayapti?

Harbiylarning farzandlariga o‘qishga kirishda imtiyoz berilishi haqidagi Prezident qarori katta shov-shuv bo‘lyapti. Bu shov-shuvlar qarorning o‘zi emas, undagi birgina IMTIYOZ so‘zi atrofida kechayotgani ushbu maqolaning yozilishiga sabab bo‘ldi.

Qarorni o‘qimaganlar yoki o‘qib tushunmaganlarga o‘sha imtiyozlar nimalardan iborat ekani va uning oddiy fuqarolarga foyda va zarari haqida sodda, xalqchil tilda tushuntirish kerak ekan (menimcha, hamma qonun hujjatlarining shunday “xalqona” matni bo‘lishi lozim). 

Avvalo, nega yana o‘qishga kirishda imtiyoz va nega yana harbiylarga? 

To‘g‘ri, hozir oliy o‘quv yurtlariga kirishda imtiyozli kategoriyalar ko‘payib ketdi: olimpiadachilar, zulfiyachilar, Yoshlar ittifoqi... Ularning har birini o‘z o‘rnida predmetli tahlil qilish kerak va bu maqola doirasiga kirmaydi. “Harbiylarning farzandlariga imtiyoz” degan jumla shu fonda boshqacha, noto‘g‘ri assotsiatsiyalar keltirib chiqaryapti. Lekin ayni Qarorda vaziyat tamomila boshqacha. 

Qarordan iqtibos: 

“Harbiy xizmatchilarning yangi xizmatni o‘tash joylariga, shu jumladan, iqlim sharoitlari og‘ir bo‘lgan uzoq garnizonlarga ko‘chib o‘tishi natijasida, ularning farzandlari ta’lim muassasalarini doimiy ravishda o‘zgartirib turishadi, mazkur holat esa ular tomonidan olinayotgan bilimlar sifatiga ta’sir ko‘rsatmoqda”. 

Izoh ortiqcha. Sabab tushunarli bo‘ldi, nazarimda. 

Endi bevosita imtiyozlarga o‘tsak. 

1. Harbiylarning farzandlari belgilangan davlat grantlariga emas, ulardan TASHQARI ajratilgan o‘rinlarga kiradi. Masalan, bir yo‘nalish bo‘yicha bakalavriatga 100 ta o‘rin ajratilgan (byudjet, kontrakt aralash), shunda shu yuztaning ustiga yana 5 ta harbiylarning farzandlari uchun grant o‘rni ajratiladi, ya’ni 105 ta talaba qabul qilinadi. Faqat o‘sha qo‘shimcha 5 ta grant asosida o‘qiydi, ya’ni tekinga.

2. To‘g‘ridan to‘g‘ri kirib ketavermaydi. Qarorda TANLOV ASOSIDA qabul qilinadi deb yozilgan. Ya’ni el qatori test topshiradi. Olaylik, biz yuqorida aytgan 5 ta o‘ringan 10 ta, 20 ta, hatto 50 ta ariza topshirilishi mumkin. Albatta, tanlov bo‘ladi-da. Lekin bu tanlov teng imtiyozli va teng sharoitlilar o‘rtasida, ya’ni harbiylarning farzandlari o‘rtasida bo‘ladi. O‘sha 5 talaba to‘plagan ballari asosida reyting tizimi bo‘yicha qabul qilinadi. Faqat harbiylarning farzandlari reytingi alohida bo‘ladi.

3. TAVSIYANOMA ZARUR. Ya’ni har qanday harbiyning farzandi bu imtiyozlarga da’vo qila olmaydi, albatta, o‘zi tegishli bo‘lgan vazirlikning tavsiyasi zarur. Vazirliklarga esa o‘ziga xos me’yorlar berilgan, joylar foiz hisobida taqsimlab chiqilgan, demak, istagancha tavsiya bera olmaydi. U yerda ham o‘ziga yarasha raqobat va tanlov bo‘ladi. Tavsiya bir umrlik emas, muddati cheklangan. Bir tavsiyanoma bilan uch yilgina o‘qishga kirishga urinish mumkin.

4. IKKI KARRA IMTIYOZ MUMKIN EMAS. Masalan, harbiy ota o‘g‘lini imtiyozli o‘qishga kiritish uchun tavsiyanoma oldi, bu yoqda o‘g‘li ham harbiy xizmatni o‘tab, kirish ballari uchun imtiyoz oladi. Shunda nima bo‘ladi? U yigit ikkidan birini tanlashi kerak. Ikkala tavsiyanomani topshirsa, avtomatik ravishda o‘sha alohida 5 foiz uchun kurashadiganlar safiga o‘tadi. O‘tgan yilgidek, umumiy jangga kirib, imtiyozsizlarning noniga sherik bo‘la omaydi. Otasining tavsiyanomasidan voz kechib, o‘zining imtiyozidan foydalanmoqchi bo‘lsa, umumiy tanlovda ishtirok etadi, lekin shartnoma asosida o‘qish ehtimoli borligini ham biladi. Xullas, ham xo‘rdani, ham burdani yeyish imkoni yo‘q.

5. TANLOVSIZ QABUL QILINADIGAN TOIFA HAM BOR. Bular harbiy burchini o‘tayotganda halok bo‘lgan, yaralangan, kontuziya va boshqa shikastlar olganlarning farzandlari. Ya’ni jangda jonini tikkanlarning bolalari. Ular tanlovsiz qabul qilinadi.

6. Qarorda 2018/2019 o‘quv yillaridan oldin o‘qishga kirgan va shartnoma asosida o‘qiyotgan harbiylarning farzandlariga vazirliklar va idoralar shartnoma pullarini to‘lab berishiga ruxsat etilgan. Ammo bu pullar BYUDJЕTDAN TASHQARI MABLAG‘LAR hisobidan to‘lanadi, sizu bizning soliqqa to‘lagan pullarimizdan emas.

7. IMTIYOZLAR iste’fodagi, pensioner harbiylarning farzandlariga QO‘LLANMAYDI, faqat xizmat qilib turganlarga nisbatan joriy etiladi. 

Shahnoza To‘raxo‘jayeva,

Adliya vazirligi bosh maslahatchisi